Oddiy askar Boqijonni topish: Jersi lageridan qochgan sovet askarining siri - (Video)

Surat manbasi, Alderney Heritage
Bi-bi-si Ikkinchi jahon urushi yillarida Jersi orolida bir oila tomonidan hayoti saqlab qolingan o‘zbekistonlik sovet askarining uzoq yillar sirli bo‘lib kelgan hikoyasini yoritdi.
Ikkinchi jahon urushi davrida Jersi orolida yashagan Le Bretonlar oilasi nemislar tomonidan tashkil etilgan harbiy asirlar lageridan qochgan sovet askari - Boqijon ismli o‘zbekistonlik yigitni ikki yil davomida yashirib kelgan.
Orol 1945-yilda ozod etilgandan so‘ng, Boqijon boshqa sovet asirlari kabi SSSRga jo‘natilgan. U oilaga xat yozib turishga va’da bergan, ammo tez orada aloqa uzilgan. Oradan o‘nlab yillar o‘tibgina Bi-bi-si uning kim bo‘lgani va urushdan keyingi taqdiri qanday kechganini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi.
1940-yilda nemis qo‘shinlari Jersi orolini bosib olgan va Buyuk Britaniyaga qarshi keyingi harbiy harakatlar rejasining bir qismi sifatida u yerda qudratli harbiy mustahkam inshootlar qurishni boshlagan. Bu Ikkinchi jahon urushi tarixining kam ma’lum bo‘lgan sahifalaridan biri hisoblanadi. 1940-yilning yozida orolning 6,5 ming aholisi Buyuk Britaniyaga evakuatsiya qilingan bo‘lsa-da, yana qariyb 40 ming kishi natsistlar okkupatsiyasi ostida orolda qolib ketgan edi.
1941-yil oxiridan e’tiboran orolga sovet harbiy asirlari va boshqa mamlakatlardan olib kelingan majburiy ishchilar joylashtirilgan. Ular eng og‘ir va xavfli ishlarga - tosh konlarida, qirg‘oq mudofaa inshootlari va yer osti tunellarini qurishga jalb qilingan.

Omon qolganlarning guvohliklariga ko‘ra, lagerlardagi sharoitlar nihoyatda shafqatsiz bo‘lgan: mahbuslar ochlikka mahkum etilgan, muntazam ravishda kaltaklangan va qiynoqlarga solingan.
Lager mahbuslaridan biri Boqijon edi. Bi-bi-si olib borgan surishtiruvlar natijasida uning O‘zbekiston hududidagi Namangan shahrida tug‘ilgan Boqijon Akramov ekani aniqlandi.

U 1941-yildan urushga ketgan, Ukraina hududida asirga tushgan va keyinchalik taxminan 2000 nafar boshqa sovet harbiy asirlari bilan birga Jersi oroliga olib kelingan.
"Eng kichik ayb uchun ham bizni ayovsiz kaltaklashardi. Aslida esa, bizni doim urishardi. Agar ishlashga qodir bo‘lmasak, och qoldirishar, keyin yana kaltaklashardi - ular hech qachon kasal ekanimizga ishonmasdi", deb yozadi Boqijon o‘z kundaligida. "Uch oy ichida 44 kishidan iborat guruhimizdan 20 nafardan ortig‘i ochlikdan halok bo‘ldi".
"Biz ertalab 6 dan kechqurun 6 gacha tosh konlarida ishlardik", deb yozadi Boqijon. "Tushlikka faqat sho‘rva va ustida zarradek sariyog‘ surtilgan juda kichik non bo‘lagi berilardi, nonushta esa umuman yo‘q edi. Nemislar hatto qishda ham bizga issiq suv, sovun yoki qo‘shimcha kiyim berishmasdi".
Mahbuslarning ba’zilari o‘zlariga qarag‘ay taxtasi, eski gilam parchasi va simlardan iborat qo‘lbola poyabzal yasab olishgan edi. "Eng kichik ayb uchun ham bizni ayovsiz kaltaklashardi", deb yozadi u.

Ammo bir kuni nemis askari uni urish uchun tayoq ko‘targanda, Boqijon g‘azab bilan belkurakni ko‘tarib: "Oldin men seni o‘ldiraman, keyin sen meni o‘ldirishing mumkin", deb baqirgan, shundan so‘ng nazoratchi uni boshqa urishga jur’at eta olmagan.
1943-yil 27-aprel kuni o‘zini o‘limga juda yaqin his qilgan Boqijon tavakkal qilib lagerdan qochadi. U uch oy davomida dalalarda yashirinib, kartoshka po‘choqlari va xom sabzavotlar bilan oziqlanadi. U qalam qoldig‘i bilan qog‘ozga ingliz so‘zlarini yozib, shu vaqt ichida qariyb 3000 ta so‘zni o‘rganib oladi.
Ochlikdan holdan toygan Boqijon mahalliy fermerlar - Jon va Feliss Le Bretonlar xonadonining eshigini taqillatadi va ulardan omborda tunashga ruxsat so‘raydi.
O‘sha vaqtda Boqijon 33 yoshda, fermer Jon Le Breton esa 39 yoshda bo‘lgan. Juda katta xavf-xatarlarga qaramay, Le Bretonlar uni uyida yashirishga qaror qiladi. Xavfsizlik nuqtai nazaridan ular uni "Tom amaki" deb atashgan.
"Ota-onam doimo Xudoga ishongan odamlar edi. Ular "agar u bizning eshigimizga kelgan bo‘lsa, demak bu Xudoning irodasi", deb ishongan. Shu sababli barcha xavflarga qaramay, Tom amaki bizning uyimizda qolishiga qaror qilishgan", deydi Bi-bi-siga Jon va Felissning qizi Dulsi Le Breton. U Boqijonni shaxsan yaqindan tanigan va hali ham uni yaxshi eslaydi.

Jersining yana bir aholisi Luiza Guld, xuddi shu kabi insoniylik ko‘rsatgani uchun hayotidan ayrilgan. Qo‘shnilari nemislarga uning sovet harbiy asirini yashirayotgani haqida xabar berishgan. Luiza hibsga olingan va Ravensbryuk kontslageriga jo‘natilib, u yerda halok bo‘lgan.
Natsist qo‘shinlari istalgan paytda tekshiruv bilan kelishi mumkin bo‘lgan sharoitda Le Bretonlar Boqijon Akramovni uch yil davomida o‘z uyida yashirib kelishgan. Shu vaqt ichida u ingliz tilini o‘rgangan va oilaning to‘rt nafar farzandi, jumladan Dulsi bilan juda yaqin qarindoshdek bo‘lib ketgan.
1945-yilda Jersi oroli ozod etilgandan so‘ng, Boqijon boshqa tirik qolgan sovet asirlari bilan birga SSSRga yuboriladi. Jo‘nab ketishdan oldin Jon Le Breton "Tom"ga o‘zining eng yaxshi kostyumini kiygizib, mahalliy ateleda suratga tushiradi - bu surat hozirgacha Dulsining oshxonasida saqlanadi.

Surat manbasi, Family archives
Boqijon esa Le Bretonlarga esdalik sifatida qo‘lbola uzuklar yasab beradi. U Le Bretonlarga hech qachon ularni unutmasligini va albatta xat yozishini aytadi. 1945 yil iyun oyida, u hali Yevropa hududida bo‘lgan paytida, oila undan uchta xat oladi. Shundan keyin aloqa butunlay uziladi. Boqijon xatlarda o‘zini "Boqijon Akram" deb imzolagani sababli, keyinchalik oila uni topa olmagan.

Oradan o‘nlab yillar o‘tib, Bi-bi-si rus va o‘zbek xizmatlari hamda Jersi orollik tarixchi Kris Eddi hamkorligida uning shaxsi aniqlandi. Tadqiqot jarayonida oila xotiralari, arxiv hujjatlari, Boqijonning shaxsiy kundaliklari hamda uning harbiy xizmatini va davlat mukofoti bilan taqdirlanganini tasdiqlovchi sovet rasmiy hujjatlari solishtirib o‘rganildi. Natijada 1985 yilda Boqijon Akramov "Vatan urushi" ordeni bilan taqdirlangani haqidagi hujjat topildi.
Bi-bi-si o‘zbek xizmati jurnalisti Luiza Iskandariy Boqijon Akramov Namanganda bir vaqtlar yashagan uyni izlashga bel bog‘laydi.
Mukofot hujjatlarida ko‘rsatilgan manzilga boradi va u yerda Boqijonning nabirasi Shamsiddin Oxunboev bilan uchrashadi. U Jersi orolida Le Bretonlar oilasi asrab kelgan suratdagi insonni bobosi ekanligini darhol tasdiqladi.
Ota-onam bu ishni shunchaki to‘g‘ri deb bilgani uchun qilgan. Va ular Jersida sovet askarlariga yordam bergan yagona odamlar emas edi. Bunday hikoyalar o‘nlab bo‘lgan.
Shu tariqa "Tom amaki" 1910-yilda Namangan shahrida tug‘ilgan, o‘zbekistonlik Boqijon Akramov bo‘lgani aniqlandi. U uzoq umr ko‘rgan va 1996-yilda vafot etgan. Uning nabiralari hozir ham yashab kelmoqda.
Oila a’zolarining aytishicha, Boqijon nega urush haqida gapirishdan qochgani va nega malakali ishlarga qabul qilinmagani ilgari ularga tushunarsiz bo‘lgan. Endilikda bu holat nemis asirligida bo‘lgan sovet fuqarolariga yillar davomida ishonchsiz shaxs sifatida qarab kelingani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini taxmin qilish mumkin.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Urushdan keyin sobiq harbiy asirlar NKVDning maxsus filtratsiya lagerlarida tekshiruv va so‘roqlardan o‘tkazilgan. Ko‘p hollarda asrga tushganlikning o‘ziyoq davlatga sodiqlikka shubha tug‘dirgan. Ayrimlar oddiy hayotga qaytgan bo‘lsa-da, ko‘plab sobiq asirlar kasbiy cheklovlar, ishonchsizlik va ta’qiblarga duch kelgan, ba’zilari esa yana lagerlarga jo‘natilgan. Hatto Stalin vafotidan keyin ham bu shubha izi darhol yo‘qolmagan, ko‘plab odamlar uchun u yillar davomida saqlanib qolgan.
Shu sababli juda aqlli va qobiliyatli bo‘lishiga qaramay, Boqijonga malakali va mas’uliyatli ishlar berilmagan; u ko‘p yillar davomida Namangandagi zavodlardan birida bog‘bon bo‘lib ishlagan. U umumiy hammomlarga borishdan qochgan, chunki oyoqlarida Jersidagi tosh konlarining mashaqqatli mehnatidan qolgan chuqur chandiqlari bor edi. Boqijon 1996-yilda, 86 yoshida vafot etgan.

"Aziz Dulsi, sizning oilangiz jasorati va mehribonligi uchun cheksiz minnatdormiz. Bobomiz urushdan omon chiqib, bizga hayot baxsh etishiga faqat sizlar sababchisiz. Sizni topganimizdan nihoyatda baxtiyormiz. Sizni O‘zbekistonga taklif qilamiz va doim uyimizda kutib qolamiz", dedi Boqijon Akramovning nabirasi Shamsiddin ko‘zlarida yosh bilan.
"Ota-onam bu ishni shunchaki to‘g‘ri deb bilgani uchun qilgan. Va ular Jersida sovet askarlariga yordam bergan yagona odamlar emas edi. Bunday hikoyalar o‘nlab bo‘lgan. Men odamlar ularning barchasini bilishini va yodda saqlashini juda istayman", dedi Dulsi Le Breton.
Boqijon Akramov hayot hikoyasidan O‘zbekiston hukumati Bi-bi-si orqali xabardor bo‘ldi.O‘zbekiston Prezidenti 2026-yil 1-may kuni Jon va Feliss Le Bretonlarni Ikkinchi jahon urushi yillarida ko‘rsatgan jasorati va yuksak insonparvarligi uchun vafotidan so‘ng "Do‘stlik" ordeni bilan taqdirlash to‘g‘risida farmon imzoladi.
Orden O‘zbekiston elchisi tomonidan Jersi orolida bo‘lib o‘tgan taqdirlash marosimida Dulsi va uning ukasi Alen Le Bretonga topshirildi.

Bi-bi-si surishtiruvi va ikki oila uchrashuvi haqidagi filmni YouTube kanalimizda tomosha qiling.































