Eron: Trampni hujumdan Fors Ko‘rfazi davlatlari qaytardimi?

Surat manbasi, AFP/GETTYIMAGES
Tramp o‘zining qarorini aytdi. So‘nggi tafsilotlar.
Uning bayon qilishicha, AQSh bugun Eronga hujum qilmaydi.
Trampga ko‘ra, yangi harbiy hujum rejasi hozircha to‘xtatilgan.
Bunga qator Fors Ko‘rfazi davlatlarining iltimosi sabab bo‘lgani aytilgan.
Bu davlatlar sirasida Qatar, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari tilga olingan.
Trampning aytishicha, "hozir jiddiy muzokaralar borayotir".
AQSh prezidenti bu haqda Truth Social da ma’lum qilgan.
Unga ko‘ra, AQSh uchun "juda ma’qul" bitim tuzilishi haqida xabardor qilingan.
Shunday derkan, Tramp, "ERONNING YaDROVIY QUROLI BO‘LMAYDI!", deya qo‘shimcha qilgan.
Ammo, shu bilan birga, u agar maqbul kelishuvga erishilmasa, AQSh, "istalgan paytda Eronga qarshi keng ko‘lamli hujum boshlashga" tayyor ekanidan ham ogohlantirgan.
Eronning yuqori martabali harbiy qo‘mondoni esa, AQShga "boshqa strategik xatoga yo‘l qo‘ymasliklari va chamani yanglish olmasliklari"ni aytgan.

Surat manbasi, Tom Williams/CQ-Roll Call, Inc via Getty Images
Obro‘si to‘kilayapti
64 foizga yaqin ishtirokchi Eronga qarshi urush boshlash qarorini yanglish, deb hisoblaydi. Bor-yo‘g‘i 37 foiz odam Tramp prezidentlikni uddalayapti, degan fikrda.
Eron bo‘yicha so‘nggi bayonoti Trampning o‘z mamlakatida obro‘si tushib, so‘rovlar odamlarning urushdan o‘ta bezib borayotganliklarini ko‘rsatayotgan bir paytga ham to‘g‘ri kelgan.
Bunga New York Times/Siena dushanba kuni e’lon qilgan so‘rov natijalari ham dalolat qilgan.
Agar, ushbu so‘rov natijalariga tayanilsa, 64 foizga yaqin ishtirokchi Eronga qarshi urush boshlash qarorini yanglish, deb hisoblaydi.
Bor-yo‘g‘i 37 foiz odam Tramp prezidentlikni uddalayapti, degan fikrda.
Bularning barchasi oraliq saylovlarda Respublikachilarga oson bo‘lmasligini anglatadi.
Chunki odamlarning faqat urush emas, yana boshqa ko‘plabi qatorida Trampning iqtisodiy va immigratsion siyosatidan ham noroziligi ortgan.
Isroil va AQSh shu yilning 28 fevralida Eronga qarshi yirik havo hujumlarini boshlashgan.
Eronga esa bunga javoban o‘ziga qo‘shni qator Fors Ko‘rfazi davlatlariga ham zarba berishga o‘tgan.
Fors Ko‘rfazi davlatlari esa hozir AQSh qayta hujum qilsa, Eron xuddi shunday qilishi mumkinligidan xavotirda bo‘lishlari mumkin.
Eronda haliyam kattagina miqdorda dronlar va raketalar borligi ishoniladi.
Shu bois ham, yangi hujum ehtimolida o‘ziga qo‘shni davlatlarning aeroportlari, neft-kimyo korxonalari va hatto suvni chuchuklashtiruvchi qurilmalariga qarshi keng ko‘lamli zarbalarini boshlashi ehtimoli katta.
Fors Ko‘rfazida esa yoz payti havo harorati nihoyatda ko‘tarilib ketadi.
Oxiri nima bo‘ladi?

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Tramp voqealarning so‘ngi rivojiga "ijobiy o‘zgarish", deya baho bergan, ammo, "qani, ko‘raylik-chi, oxiri nima bo‘larkan", deyishni ham unutmagan.
Kecha, dushanba kuni ertalab Eron AQShning so‘nggi taklifiga o‘z javoblarini aytganliklarini, Pokiston vositachiligida Vashington bilan muloqotda ekanliklarini bildirgan.
Bundan avval Eron matbuoti AQSh Tehronga biror bir aniq yon berishlarga bormagani haqida ham yozgan.
Eronning yarim-rasmiy "Fars" agentligi yakshanba kuni Vashington taklifiga javoban o‘zining besh shartini ilgari surgani haqida xabar bergan.
Xabarlarga ko‘ra, AQShning shartlari Eronning bor-yo‘g‘i bitta yadroviy sathga ega bo‘lishi va barcha to‘yintirilgan uranini o‘zlariga jo‘natilishini ham ko‘zda tutadi.
Kecha kun oxirida Eronning "Tasnim" axborot agentligi mamlakat yangi Oliy ruhoniy rahbariniki, deyilgan gaplarni chop qilgan.
Unda raqibning tajribasi kam va o‘ta zaif nuqtalarida yangi jabhalar ochilishi haqida ogohlantirilgan.

Surat manbasi, Reuters
AQSh prezidenti Donald Tramp Eronning yadroviy dasturini 20 yilga to‘xtatib turishini qabul qilishini ma’lum qildi, bu esa uning avvalgi - dasturni butunlay to‘xtatish talabidan voz kechganini ko‘rsatadi.
Tramp bu to‘xtatish to‘liq 20 yil davom etishi kerakligini ta’kidladi. Avvalroq u Eronni uranni boyitishni butunlay va doimiy ravishda to‘xtatishga chaqirgan, shuningdek, Eron hech qachon yadroviy qurolga ega bo‘lmasligi zarurligini aytgan edi.
Shu bilan birga, u Eronga nisbatan sabri tugab borayotganini ham qayd etdi, muzokaralarda esa hech qanday o‘zgarish belgisi ko‘rinmayotganini aytdi.
Isroil va AQSh kuchlari 28 fevral kuni Eronga qarshi keng ko‘lamli havo hujumlarini boshlagan edi. O‘tgan oydan beri amal qilib kelayotgan va muzokaralarni osonlashtirishga qaratilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi ayrim otishmalarga qaramay, ko‘p jihatdan saqlanmoqda.
Pokiston vositachilik rolini o‘ynab kelmoqda.
Biroq, har ikki tomon hali ham kelishuvdan ancha yiroq ko‘rinadi: ular urushni tugatish bo‘yicha oxirgi takliflarini o‘zaro rad etgan.
Eron ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, Tehronning taklifi barcha frontlarda darhol urushni to‘xtatishni o‘z ichiga olgan - bu, ehtimol, Isroilning Livandagi shia ittifoqchisi "Hizbulloh"ga qarshi hujumlariga ishora. Shuningdek, AQShning Eron portlariga qo‘ygan dengiz blokadasini bekor qilish va Eronga qarshi keyingi hujumlar bo‘lmasligi bo‘yicha kafolatlar ham talab qilingan.
Pekinda Xitoy raisi Si Szinpin bilan uchrashuvdan so‘ng Air Force One samolyotida jurnalistlar bilan suhbatda Tramp ikki tomon Eronga yadroviy qurolga ega bo‘lishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi va u hozir to‘sib turgan Hurmuz bo‘g‘ozini qayta ochishi kerakligi borasida kelishib olganini aytdi. Bu bo‘g‘ozning yopilishi jahon neft narxlarining oshishiga olib kelgan.
Jurnalistlardan biri Eron yadroviy dasturini 20 yilga to‘xtatib turish yetarli emasligini aytganida, Tramp shunday javob berdi:
"Yigirma yil yetarli, lekin ular beradigan kafolat darajasi muhim - boshqacha aytganda, bu haqqoniy 20 yil bo‘lishi kerak".
U bu fikriga batafsil izoh bermadi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
AQSh ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, aprel oyida Pokiston poytaxti Islomobodda bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida vitse-prezident Jey Di Vens Eronning uran boyitishni besh yilga to‘xtatish haqidagi taklifiga javoban, bu muddat kamida 20 yil bo‘lishi kerakligini bildirgan.
Biroq, 20 yillik muddatni shaxsan Trampning o‘zi ilk bor tilga olayotgani aytilayapti.
Tramp prezidentlik lavozimidagi birinchi muddatida Obama ma’muriyati tomonidan 2015 yilda Eron bilan erishilgan yadroviy kelishuvdan chiqqan edi. Bu qarorga sabab sifatida, jumladan, "sunset clauses" - ya’ni ayrim cheklovlar vaqt o‘tishi bilan kuchini yo‘qotishi mumkin bo‘lgan shartlarga qarshiligi ko‘rsatilgan.
Isroil hozircha Trampning bu bayonotlariga munosabat bildirgani yo‘q. Bosh vazir Binyamin Netanyaxu esa Eronning boyitilgan uran zaxiralari to‘liq yo‘q qilinishi kerakligini, shundan keyingina Eronga qarshi urush tugadi, deb hisoblash mumkinligini aytgan.
Netanyaxu 2015 yilgi yadroviy kelishuvga qat’iy qarshi chiqqan. Uning fikricha, aynan shu "sunset clauses" Eronning kelajakda yadroviy qurolga ega bo‘lish ehtimolini saqlab qoladi va bu Isroil uchun jiddiy tahdid bo‘lib qolaveradi.





















